Sibir Rossiya xaritasidagi shunchaki geografik hudud emas. Uning boyligi nafaqat yer qa’rida yoki manzaralarda, balki badiiy adabiyotning alohida qatlamida ham mavjud. Sibir o‘lkasining ko‘p qirrali obrazi ko‘plab rus va hatto xorijiy yozuvchilar uchun asosiy obrazga aylandi.
Ajabo, Sibirni dunyo adabiy xaritasiga birinchilardan bo‘lib kiritganlardan biri ingliz yozuvchisi Daniyel Defo edi. Mashhur “Robinzon Kruzo”ning ikkinchi qismida uning qahramoni Yevropaga qaytayotib, Sibir kengliklarini kesib o‘tadi. Bu yerda u majusiylar bilan to‘qnash keladi va ko‘chmanchilarning qilichidan o‘lishiga bir bahya qoladi.
Rus adabiyotida Sibirning roli beqiyos darajada chuqur. U nafaqat ilhom manbayi, balki eng muhim madaniy va tarixiy tushuncha – surgun, qatag‘on, ma’naviy o‘zgarish va milliy o‘zlikni anglash maskaniga aylandi. Sibir o‘lkasi butun qudrati bilan ochib berilgan 6 ta asar haqida so‘zlab beramiz.
1. Boris Pasternakning “Doktor Jivago” romanida Sibir – Moskvaga qarama-qarshi qo‘yilgan hikoyaning ikki qutbidan biri. Bosh qahramonlar taqdirining iplari shu yerda tutashadi.
Sibir – Jivagolar oilasining vatani, otasining boylik manbayi. Ammo bu qahramon Fuqarolar urushi dahshatlaridan qochadigan boshpana hamdir. U avval xotini, keyin esa Larisa bilan qorlar va o‘rmonlar orasidan osoyishtalik topish umidida Varykinodan vaqtinchalik boshpana topadi. Makkor Komarovskiy Larani o‘zi bilan Uzoq Sharqqa olib ketish uchun aynan shu yerga keladi. Uning tilida Sibir – “Yangi Amerika”, “Buyuk rus kelajagining beshigi”. Sibirning cheksiz imkoniyatlar mamlakati sifatidagi bu tasavvuri Yuriy Jivagoning Sibirni sokin bandargoh deb bilgan tasavvuridan keskin farq qiladi.
2. Viktor Astafyev “Shoh baliq”da Sibirni jonli, ruhlangan mavjudot sifatida ulug‘laydi. Uning hikoyalari qahramonlari – hayoti atrof-olamdan ajralmas bo‘lgan tayga odamlari. Lekin ularning tabiatga munosabati har xil. Ba’zilar Sibirning haqiqiy farzandlari sifatida uni sevadilar va asraydilar, uni hayot va ma’naviy kuch manbayi deb biladilar. Boshqalar esa faqat boylik orttirish uchun resurs sifatida foydalanadilar.
Baliqchining ulkan osyotr – shoh baliq bilan uchrashuvi haqidagi markaziy novella yorqin metaforaga aylanadi: tabiat gunohlar uchun qasos oladi va unga zarar yetkazish orqali inson o‘z ruhini ham nobud qiladi. Astafyev Sibirni nozik organizm, hurmat talab qiladigan butun bir dunyo sifatida ko‘rsatadi.
3. Vasiliy Shukshinning “Lyubavinlar” romani kitobxonni 1920-yillardagi Oltoyga olib boradi. Bu yerda Sibir o‘z ehtiroslari jo‘sh urgan va yangi sovet tartiblari eski, patriarxal Rossiya tuzumi bilan to‘qnashgan xilvat, dunyodan yopiq qishloqdir.
Syujet markazida badavlat dehqon Yemelyan Lyubavin oilasi va o‘qituvchi niqobi ostida kelgan chekist Rodionovlar o‘rtasidagi ziddiyat turadi. Shukshin nafaqat ijtimoiy ziddiyatni, balki Sibir xarakterining qudratini ham ko‘rsatadi. Lyubavinlar – tund, ehtirosli, egilishni istamaydigan, ular o‘lkaning yovvoyi, jilovlab bo‘lmaydigan kuchini ifodalaydi. Tabiat, tog‘lar va Katuni daryosining chiroyli va tanish tavsiflari Sibirni shunchaki fon emas, balki voqealarning to‘laqonli ishtirokchisiga aylantiradi.
4. Vyacheslav Shishkovning “G‘amgin daryo” roman-epopeyasi XIX–XX asrlar chegarasidagi “oltin talvasasi” davridagi Sibirni ko‘rsatadi. Syujet markazida badavlat sanoatchi Gromovlar oilasining bir necha avlodlari tarixi yotadi.
Bosh qahramon Proxor Gromov misolida muallif Sibir tabiatining odamlar tomonidan zabt etilishi tarixini kuzatadi. G‘amgin daryo (proobrazi – Quyi Tunguska) bu yerda bo‘ysunmas, xavfli, ammo boy Sibirni anglatadi. Romandagi tabiat jonli: u qarshilik ko‘rsatadi, qahramonlarni sinovdan o‘tkazadi, lekin asta-sekin yovvoyi holatdan tartibli, inson foydasiga xizmat qiladigan holatga o‘tadi. Ekspeditsiyalarda ishtirok etgan Vyacheslav Shishkov o‘sha vaqtdagi Sibir voqeligining ko‘p qirrali manzarasini aks ettirib, oltin sanoatchilarining turmushi va urf-odatlarini aniq tasvirlaydi.
5. Anton Chexovning “Sibirdan ocherklari” yozuvchining 1890-yilda Saxalinga qilgan sayohatining jonli xronikasidir. Bu yerda muallif Sibir afsonasining ikki xilligini qayd etadi.
Bir tomondan, Sibir – qahraton sovuq, qamoqlar va surgunlar o‘lkasi. Chexov hayotning og‘ir sharoitlarini, yo‘lning boshlanishidagi sovuq tabiatni tasvirlaydi. Ikkinchi tomondan – Sibir – bepoyon kengliklar, erkin o‘lka, qo‘l tegmagan tabiat, uning kuchi va jozibasi cheksizlikdadir. Yozuvchi sibirliklarning halolligi, xayrixohligi va o‘ziga xos turmush madaniyatini hurmat bilan qayd etadi. Uning ocherklari mintaqani butun murakkabligi va ziddiyatlari bilan, hech qanday bo‘yoqlarsiz ko‘rsatuvchi noyob hujjatdir.
6. Aleksey Cherkasovning “Qulmoq” (“Xmel”) romani (“Tayga odamlari haqida ertaklar” trilogiyasining birinchi qismi) boshqa Sibirni kashf etib, kitobxonni Sibir eski mazhab vakillari dunyosiga olib kiradi.
Dekabristlar qo‘zg‘olonidan keyin boshlangan voqea ma’rifatparvar michman Loparyevni oqsoqol Filaret jamoasidagi o‘rta asr turmush tarzi bilan to‘qnashtiradi. Bu yerda Sibir o‘zining qattiq qonunlari va e’tiqodlari bilan Pyotrgacha bo‘lgan Rus saqlanib qolgan ma’naviy qo‘riqxona sifatida tasvirlanadi. Muallif Sibir tabiatining go‘zalligi fonida davr belgilarini, turmush tarzini, diniy tuzumni aniq ifodalaydi.
Har bir kitob – bu sayohat qilish, o‘tgan asrlar mualliflari qoldirgan o‘lkaning qudrati va muhitini his qilish imkoniyatidir. Kim biladi, balki kunlarning birida siz ham o‘zingiz uchun ana shu betakror o‘lka – adabiy Sibirni kashf etishga qaror qilarsiz.